Giyohvandlikka qarshi profilaktik uchrashuv o‘tkazildi
Qo‘qon davlat universitetining Axborot-resurs markazida “Giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoyalanish” mavzusida profilaktik uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor A. Xusanov, Qo‘qon shahar IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari I. Sharipov, Farg‘ona viloyati IIB boshqarmasi narkomaniyaga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik N. Oxunov, universitet katta inspektori S. Yuldashev, shuningdek, fakultet dekan o‘rinbosarlari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–207-son Farmonining mazmun-mohiyati va uning jamiyat hayotidagi ahamiyati keng yoritildi. Shuningdek, mutasaddilar tomonidan giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularni zararli illatlardan asrash va huquqiy ongini yuksaltirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Shu nuqtai nazardan, bunday profilaktik uchrashuvlar yoshlarni ogohlikka chorlab, ularning hayotga bo‘lgan mas’uliyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi hamda sog‘lom va xavfsiz hayot tarzini targ‘ib etish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish zarurligi qayd etildi.