Chandigarh University bilan memorandum imzolandi
Qo‘qon davlat universiteti xalqaro aloqalarini kengaytirish yo‘lida yana bir muhim qadam tashladi. Hindistonning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Chandigarh University bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Ushbu kelishuv ta’lim, ilm-fan va akademik almashinuv sohalarida keng imkoniyatlar yaratadi.
Endilikda Qo‘qon davlat universiteti talabalari va professor-o‘qituvchilari bir semestr davomida Chandigarh University’da akademik mobillik asosida tahsil olish va ilmiy faoliyat olib borish imkoniga ega bo‘ladilar. Muhimi, bu dastur doirasida qo‘shimcha kontrakt to‘lovi talab etilmaydi, yashash va oziq-ovqat xarajatlari esa hamkor universitet tomonidan qoplanadi.
Chandigarh University 2012-yilda tashkil etilgan bo‘lib, qisqa fursatda sezilarli natijalarga erishdi. 2023-yilda u dunyoning nufuzli reytinglarida Top-1000 talikka kirgan va so‘nggi uch yil ichida qariyb 400 pog‘onaga ko‘tarilib, 575-o‘rinni egalladi. Mutaxassislar yaqin yillarda universitetning Top-300 talikka kirishini prognoz qilmoqda.
Ushbu hamkorlik Qo‘qon davlat universitetining xalqaro nufuzini oshirish, ilmiy salohiyatini mustahkamlash va global ta’lim makoniga integratsiyalashuvini jadallashtirishga xizmat qiladi. Kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalar, konferensiyalar va seminarlar tashkil etish hamda tajriba almashish rejalashtirilgan.
Shuningdek, ushbu safar mobaynida vakillarimiz tomonidan AQSH, Malayziya, Singapur, Filippin va Nepalning xalqaro reytinglardagi nufuzli universitetlari bilan ham akademik va ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlar amalga oshirildi. Tomonlar yaqin kunlarda ushbu hamkorlikni rasmiylashtirish uchun memorandumlar imzolashga kelishib oldilar.