Orqaga
Calendar icon

Rektor kubogi: etnosport o‘yinlari o‘tkazildi


Qo‘qon davlat universitetida yoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlarni keng targ‘ib etish, jismoniy faollikni oshirish hamda jamoaviylik ruhini mustahkamlash maqsadida “Milliy (etnik) o‘yinlar” bo‘yicha “Rektor kubogi” sport musobaqasi yuqori saviyada tashkil etildi.

Mazkur musobaqada universitetning turli fakultetlaridan shakllangan jamoalar ishtirok etib, milliy an’analarimizni o‘zida mujassam etgan qiziqarli va bahsli o‘yinlarda o‘z kuch va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar. Bellashuvlar davomida ishtirokchilar nafaqat jismoniy chiniqish, balki chaqqonlik, epchillik va jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini ham namoyon etdilar.

Musobaqa dasturidan xalq orasida qadimdan mashhur bo‘lgan quyidagi milliy o‘yinlar o‘rin oldi: Lanka, Eshak mindi, Arqon tortish, O‘rtaga kirar hamda To‘p otish. Har bir o‘yin tomoshabinlar uchun ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, ishtirokchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltirdi.

Ayniqsa, arqon tortish va o‘rtaga kirar kabi jamoaviy o‘yinlarda fakultet jamoalari o‘zaro hamjihatlik va birdamlikni yorqin namoyon etdilar. Musobaqa davomida sportga xos halollik, intizom va hurmat tamoyillari ustuvor bo‘ldi.

1-o‘rin — San’at va sport fakulteti

2-o‘rin — Xorijiy filologiya fakulteti

3-o‘rin — Gumanitar fanlar va tillar fakulteti

Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar “Rektor kubogi” hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ushbu musobaqa talaba-yoshlar o‘rtasida milliy o‘yinlarga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, ularni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Umuman olganda, “Rektor kubogi” doirasidagi milliy o‘yinlar musobaqasi universitet hayotida yorqin voqealardan biri bo‘lib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutdi.