“Amir Temur vorislari” harbiy-sport musobaqasi o‘tkazildi
Qo‘qon davlat universiteti Yoshlik stadionida talaba-yoshlar o‘rtasida “Amir Temur vorislari” harbiy-sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqa yoshlar o‘rtasida sportni rivojlantirish, jismoniy tayyorgarlikni oshirish hamda iqtidorli sportchilarni aniqlash maqsadida tashkil etildi.
Musobaqa dasturi doirasida ishtirokchilar bir qator sinovlardan o‘tdilar. Jumladan, joyidan uzunlikka sakrash, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish hamda granata uloqtirish kabi shartlar bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda talabalar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi va matonatini namoyon etdilar. Har bir yo‘nalish bo‘yicha eng yaxshi natijalarni qayd etgan ishtirokchi jamoalalar hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra 1-o‘rin San‘at va sport fakulteti jamoasiga, 2-o‘rin Tabiiy fanlar va iqtisodiyot fakulteti jamoasiga, 3-o‘rin Xorijiy filologiya fakulteti jamoasiga nasib etdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi. Musobaqa yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, ularda vatanparvarlik ruhini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.