Qo‘qon davlat universiteti delegatsiyasi xalqaro konferensiyasida ishtirok etmoqda
Joriy yilning 26–29-mart kunlari Hindistonda oʻtkazilayotgan “Global Partnership Conclave ’26” xalqaro konferensiyasida Qo‘qon davlat universiteti delegatsiyasi ishtirok etmoqda. Ushbu nufuzli anjuman dunyo oliy ta’lim muassasalari va ilm-fan sohasidagi yetakchi mutaxassislarni birlashtiradi.
Universitet nomidan konferensiyada o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Oybek Bozorov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sharifjon Pulatov hamda Xorijiy tillar metodikasi kafedrasi mudiri Ahmadjon Najmiddinov qatnashmoqda. Delegatlar universitetning xalqaro maydondagi aloqalarini mustahkamlash va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
Konferensiyaning asosiy mavzusi — “Global hamkorlikni mustahkamlash: hamkorlik, akademik mobillik va innovatsiyalarni rivojlantirish orqali intellektual kelajakni barpo etish” bo‘lib, unda 20 dan ortiq mamlakat va 40 dan ziyod xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan delegatlar ishtirok etmoqda. Mazkur tadbir doirasida ishtirokchilar dunyo ta’lim tizimidagi so‘nggi yangiliklar, innovatsion loyihalar va ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha fikr almashadilar.
Anjuman davomida xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar mobilligini rivojlantirish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida samarali muloqotlar va tajriba almashinuvi amalga oshiriladi. Shu bilan birga, konferensiyada yangi ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar tuzilishi va ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha fikrlar muhokama qilinishi kutilmoqda.
Mazkur ishtirok Qo‘qon davlat universitetining xalqaro maydondagi aloqalarini yanada kengaytirish, shuningdek, strategik hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Delegatsiya Hindistondagi konferensiya davomida erishilgan natijalar bo‘yicha universitetga qaytganidan so‘ng ichki muhokamalar va tajriba almashinuvi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.